Maxfiylik siyosati

Qisqacha: foc.uz sayti sahifalarni ko‘rganingizda sizdan shaxsga doir ma’lumot so‘ramaydi, analitika va reklama trekerlaridan foydalanmaydi; cookie-fayllar faqat kirish va to‘lov sahifalari ishlashi uchun kerak. Ma’lumotlaringizni faqat buyurtma berganingizda (ismingiz va telefon raqamingiz), Kabinetga kirganingizda, ko‘z ma’lumotlarini kiritganingizda yoki Telegram orqali yozganingizda qayta ishlaymiz — faqat buyurtmangizni bajarish va sizga yordam berish uchun. Ularni hech qachon sotmaymiz. iPhone uchun Focuz App ilovasida akkaunt, analitika va reklama yo‘q, ilova uchun alohida server ham yuritmaymiz: yozuvlaringiz, suhbatlaringiz va qaydlaringiz telefoningizda qoladi. Istisnolar 2-bo‘limda tavsiflangan: AI funksiyalaridan o‘zingizning Gemini kalitingiz bilan foydalansangiz, audio, matn va kamera suratlaringiz Google’ga yuboriladi; “Check for update” tugmasini bossangiz, ko‘zoynagingizning Bluetooth manzili ko‘zoynak yangilanish xizmatiga yuboriladi.

1. Kim biz

Focuz — 2024-yilda Toshkentda asos solingan, sun’iy intellektli aqlli ko‘zoynaklar yaratadigan kompaniya. Shuningdek, Toshkentda Focuz Optics optika do‘konini ochmoqdamiz.

Shaxsga doir ma’lumotlaringizni Focuz jamoasi (keyingi o‘rinlarda “Focuz”, “biz”) qayta ishlaydi. Ushbu siyosat foc.uz sayti, pay.foc.uz buyurtma sahifasi, shaxsiy kabinetingiz (Kabinet), Telegram’dagi @focuz_support yordam xizmati hamda iPhone uchun Focuz App ilovasiga (keyingi o‘rinlarda “ilova”) taalluqli. Focuz Optics do‘koni ochilib, u yerda ko‘z tekshiruvi kabi xizmatlar boshlanganda, ularda to‘planadigan ma’lumotlar haqida shu siyosatni yangilaymiz.

Bog‘lanish: Telegram — @focuz_support.

2. Qanday ma’lumotlarni yig‘amiz

Saytda (foc.uz)

Sayt sahifalari statik: ular sizdan shaxsga doir ma’lumot so‘ramaydi, cookie-fayllar o‘rnatmaydi, analitika va reklama trekerlaridan foydalanmaydi. Shriftlar, rasmlar va skriptlar uchinchi tomon xizmatlaridan emas, o‘z saytimizdan yuklanadi.

Sayt brauzeringizning mahalliy xotirasida (localStorage) faqat ikkita sozlamani saqlaydi: yorug‘ yoki qorong‘i mavzu va siz tanlagan til. Ular qurilmangizda qoladi va bizga yuborilmaydi; brauzerda sayt ma’lumotlarini tozalab, ularni istalgan vaqtda o‘chirishingiz mumkin.

Kirish, Kabinet, buyurtma holati va to‘lov sahifalari (foc.uz/login/, foc.uz/account/, foc.uz/status/ va pay.foc.uz) ishlashi uchun zarur texnik cookie-fayllar o‘rnatiladi: shakllarni soxta so‘rovlardan himoya qiluvchi CSRF cookie’si (taxminan bir yil saqlanadi) va Kabinetga kirganingizdan so‘ng sizni tanib turuvchi seans cookie’si (tizimdan chiqsangiz o‘chiriladi). Ular reklama yoki kuzatuv uchun ishlatilmaydi. Ularni brauzer sozlamalarida istalgan vaqtda o‘chirishingiz mumkin — bunda Kabinetga qayta kirishingiz kerak bo‘ladi.

Har qanday saytdagidek, serverimiz sahifani ko‘rsatish uchun IP-manzil va brauzer turi kabi texnik ma’lumotlarni oladi va ular standart server jurnallarida qayd etilishi mumkin. Ulardan faqat xavfsizlik va nosozliklarni aniqlash uchun foydalanamiz.

Kelajakda saytga analitika qo‘shsak, ushbu siyosatni yangilaymiz.

Buyurtma berganingizda (pay.foc.uz)

To‘lov sahifasi quyidagilarni yig‘adi:

  • ismingiz va telefon raqamingiz — buyurtmani sizga bog‘lash, sizga SMS yuborish va Kabinetda buyurtmalaringizni ko‘rsatish uchun;
  • siz tanlagan model va rang;
  • zaklad to‘lovining holati va summasi;
  • buyurtma kodi (masalan, FX-AB12CD): to‘lovdan so‘ng ekranda ko‘rsatiladi va u bilan buyurtma holatini kuzatasiz.

Karta to‘lovini Click amalga oshiradi; Focuz to‘lov paytida karta ma’lumotlaringizni olmaydi.

Yetkazib berish uchun manzil kabi ma’lumotlar ham kerak bo‘ladi. Hozircha to‘lov sahifasi ularni so‘ramaydi; yetkazib berish vaqti kelganda ularni sizdan alohida so‘raymiz.

Ba’zan to‘lov onlayn sahifa o‘rniga @focuz_support orqali tashkil etiladi; bunda buyurtma uchun zarur ma’lumotlarni Telegram orqali olamiz.

Kabinetga kirganingizda

Kabinetga parolsiz kirasiz: telefon raqamingizni kiritasiz, biz SMS orqali bir martalik kod yuboramiz. Kod bizda faqat qaytarib bo‘lmaydigan (hash) ko‘rinishda saqlanadi, qisqa vaqt amal qiladi va urinishlar soni cheklangan. Kirganingizdan so‘ng Kabinet shu telefon raqamiga bog‘langan buyurtmalaringizni (model, rang, to‘lov holati, buyurtma kodi) hamda ismingiz va telefon raqamingizni ko‘rsatadi.

Buyurtma kodi bilan buyurtma holatini ko‘rish mumkin, shuning uchun uni boshqalarga bermang.

Ko‘z ma’lumotlari (retsept)

Focuz X shaffof linzalar bilan keladi. Ko‘zingiz nomerli bo‘lsa, to‘lovdan so‘ng Kabinetdagi buyurtma sahifasida ko‘z ma’lumotlaringizni kiritishingiz mumkin: o‘ng va chap ko‘z uchun sfera (SPH), silindr (CYL) va o‘q (AXIS), kerak bo‘lsa ADD va qorachiqlar orasidagi masofa (PD), ma’lumot qayerdan olingani (optika, shifokor retsepti, hozirgi ko‘zoynak yoki boshqa) hamda xohlasangiz izoh. Kiritish ixtiyoriy: linzani istalgan boshqa optikada ham tayyorlatishingiz mumkin.

Ko‘z ma’lumotlari sog‘lig‘ingizga oid ma’lumot hisoblanishi mumkin, shuning uchun ularni alohida ehtiyotkorlik bilan qayta ishlaymiz: faqat retsept linzasini tayyorlash va ko‘zoynakka moslash uchun foydalanamiz, ularni faqat vakolatli xodimlarimiz ko‘radi, reklama yoki boshqa maqsadlarda ishlatmaymiz. Ularni kiritish orqali siz ushbu maqsadda qayta ishlanishiga rozilik bildirasiz.

Linzalar buyurtma qilinguncha ma’lumotlarni Kabinetda o‘zingiz o‘zgartirishingiz mumkin; keyinroq o‘zgartirish yoki o‘chirish uchun @focuz_support akkauntiga yozing. Retsept suratini Telegram’da yuborsangiz, u ham shu siyosatga muvofiq qayta ishlanadi.

Zakladni qaytarishni so‘raganingizda

Zakladni qaytarish so‘rovini Kabinetdagi buyurtma sahifasidan yuborasiz. Buning uchun sababni (ro‘yxatdan tanlaysiz, xohlasangiz izoh qo‘shasiz) va zakladni to‘lagan karta raqamini kiritasiz — pul shu kartaga P2P o‘tkazma orqali qaytariladi. Karta amal qilish muddati, CVV yoki SMS kodni hech qachon so‘ramaymiz. To‘liq raqam faqat so‘rov ko‘rib chiqilayotganda saqlanadi va so‘rov yopilgach o‘chiriladi — faqat yashirilgan ko‘rinishi (masalan, 8600 •••• •••• 6311) qoladi.

Telegram orqali yozganingizda

@focuz_support akkauntiga yozsangiz, Telegram’dagi ismingiz va foydalanuvchi nomingiz (username), xabarlaringiz hamda o‘zingiz yuborgan boshqa ma’lumotlar (masalan, telefon raqami, buyurtma kodi yoki retsept surati) bizga keladi. Ularni qo‘llab-quvvatlash jamoamiz Telegram’da va kompaniyaning mijozlar bilan ishlash tizimida (CRM) ko‘rib chiqadi; javoblarni tayyorlashda sun’iy intellektga asoslangan yordamchi xizmatdan ham foydalanishimiz mumkin. Telegram — o‘z maxfiylik siyosatiga ega alohida xizmat.

Focuz App ilovasida (iPhone)

Focuz App ilovasi Focuz X ko‘zoynagingiz bilan ulanadi. Unda akkaunt yoki kirish yo‘q, analitika, reklama va treker yo‘q, ilova uchun alohida server ham yuritmaymiz: yozib olgan, yozgan va saqlagan narsalaringiz — quyida ko‘rsatilgan hollardan tashqari — iPhone’ingizda qoladi va bizga yetib kelmaydi.

Ilova quyidagi ruxsatlarni faqat ko‘rsatilgan maqsad uchun so‘raydi:

  • Bluetooth — ko‘zoynagingizni topish, unga ulanish hamda undan audio va qurilma holatini olish uchun;
  • Mikrofon — nutqni yozib olish, matnga aylantirish va tarjima qilish uchun; ko‘zoynak mikrofoni yoki (xohlasangiz) iPhone mikrofoni ishlatiladi;
  • Mahalliy tarmoq va ko‘zoynakning Wi-Fi nuqtasi — jonli kamerani ko‘rsatish hamda foto va videolarni import qilish uchun ko‘zoynak Wi-Fi’iga ulanish;
  • Foto kutubxona (faqat qo‘shish) — ko‘zoynakdan import qilingan foto va videolarni saqlash uchun;
  • Bildirishnomalar — siz qo‘ygan eslatmalarni ko‘rsatish uchun.

Telefoningizda saqlanadi: yozuvlar va ularning matnlari, tarjima tarixi, AI suhbatlari, qaydlar, eslatmalar, o‘rganayotgan so‘zlaringiz, import qilingan foto va videolar hamda nosozliklarni topishga yordam beradigan texnik jurnal (ko‘zoynakning Bluetooth manzili, firmware versiyalari va ilova hodisalari). Jurnal, o‘zingiz biz bilan ulashmasangiz, hech qayerga yuborilmaydi. Ilovada elementlarni o‘chirishingiz mumkin. Ilovani o‘chirsangiz, uning ma’lumotlari telefondan o‘chadi (faqat Gemini kaliti iOS Keychain’ida qolib ketishi mumkin — avval uni Settings bo‘limida tozalang); Foto kutubxonaga allaqachon saqlangan foto va videolar esa o‘zingiz o‘chirmaguningizcha qoladi.

Gemini kalitingiz. Ilovaning AI funksiyalari faqat o‘zingizning Google Gemini API kalitingiz bilan ishlaydi; uni Settings bo‘limida kiritasiz. Kalit iPhone Keychain’ida, faqat shu qurilmada saqlanadi va faqat so‘rovlaringiz bilan birga Google’ga yuboriladi; biz uni ko‘rmaymiz. O‘chirish uchun Settings bo‘limida maydonni tozalang.

Google’ga nima yuboriladi. Kalit saqlangan bo‘lsa, ilova quyidagi funksiyalar uchun ma’lumotlarni telefoningizdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Google’ning Gemini xizmatiga yuboradi:

  • yozuvlarni matnga aylantirish va Live Translate — nutqingiz 15 soniyagacha bo‘lgan audio bo‘laklar ko‘rinishida (nutqsiz bo‘laklar yuborilmaydi);
  • AI suhbat va ko‘zoynak orqali AI’ga savollar — xabaringiz yoki audio ko‘rinishidagi ovozli savolingiz; suhbatning oldingi qismi; saqlangan qaydlaringiz va o‘rganayotgan so‘zlaringiz (hamda bugungi suhbatni yoqiq qoldirsangiz, bugungi boshqa suhbatlar ham), javoblar sizga mos bo‘lishi uchun; ko‘zoynak kamerasidan olingan surat — uni biriktirsangiz yoki ko‘rganingiz haqida so‘rasangiz;
  • ovoz bilan o‘qish — javob yoki tarjima matni, u Gemini ovozi bilan o‘qilganda.

Kalitsiz Google’ga hech narsa yuborilmaydi: yozib olish ishlayveradi va telefoningizda qoladi. Google bu ma’lumotlarni o‘zining shartlari va maxfiylik siyosatiga ko‘ra qayta ishlaydi; ular kalitingiz tarifiga bog‘liq (Gemini API shartlari); biz ularni ko‘ra olmaymiz, o‘zgartira yoki o‘chira olmaymiz.

Firmware yangilanishlari. Settings → Firmware bo‘limida “Check for update” tugmasini (yangilanishni tekshirish) bosganingizda ilova ko‘zoynakning Bluetooth manzili va firmware versiyalarini ko‘zoynakning yangilanish xizmatiga yuboradi va mavjud yangilanishni oladi; o‘rnatsangiz, yangilanish fayli shu xizmatdan yuklab olinadi. Ilova yangilanishni fonda tekshirmaydi.

TestFlight. Ilovani Apple’ning TestFlight orqali o‘rnatsangiz, Apple o‘z shartlariga ko‘ra bizga nosozlik hisobotlari, foydalanish statistikasi va o‘zingiz yuborgan fikr-mulohazalarni beradi. Ularni faqat ilovadagi nosozliklarni tuzatish uchun ishlatamiz.

3. Ma’lumotlardan nima maqsadda foydalanamiz

Ma’lumotlaringizdan faqat quyidagilar uchun foydalanamiz:

  • oldindan buyurtmangizni rasmiylashtirish va navbatdagi o‘rningizni saqlash;
  • to‘lovni tasdiqlash va buyurtma kodini berish;
  • Kabinetga kirishingizni ta’minlash va buyurtmalaringizni ko‘rsatish;
  • ko‘z ma’lumotlaringiz bo‘yicha retsept linzasini tayyorlash va ko‘zoynakka moslash;
  • jo‘natish sanalari haqida xabar berish va yetkazib berishni tashkil etish;
  • so‘rovingizga ko‘ra zakladni qaytarish;
  • foydalanayotgan Focuz App funksiyalarini (yozib olish, matnga aylantirish, tarjima, AI suhbat va ko‘zoynak firmware’ini yangilash) ishlatish;
  • savollaringizga javob berish va yordam ko‘rsatish;
  • qonundagi majburiyatlarimizni bajarish (masalan, buxgalteriya va soliq hisobini yuritish).

Ulardan boshqa maqsadlarda, jumladan reklama uchun foydalanmaymiz.

4. Huquqiy asos va rozilik

Shaxsga doir ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi O‘RQ-547-son Qonuniga muvofiq qayta ishlaymiz.

Buyurtma berish, Kabinetga kirish, ko‘z ma’lumotlarini kiritish yoki bizga yozish orqali siz ma’lumotlaringiz 3-bo‘limdagi maqsadlarda qayta ishlanishiga rozilik bildirasiz. Shuningdek, ma’lumotlarni buyurtmani bajarish va qonuniy majburiyatlarimiz uchun zarur hajmda qayta ishlaymiz.

Gemini kalitingizni kiritib, ilovaning AI funksiyalaridan foydalanish orqali siz audio, matn va suratlaringizni 2-bo‘limda (“Focuz App ilovasida”) tavsiflanganidek Google’ga yuborishni tanlaysiz; “Check for update” tugmasini bosish orqali esa ko‘zoynagingizning Bluetooth manzili va firmware versiyalarini ko‘zoynak yangilanish xizmatiga yuborishni tanlaysiz. Google’ga yuborishni Settings bo‘limida Gemini kalitini tozalab, istalgan vaqtda to‘xtatishingiz mumkin.

Roziligingizni istalgan vaqtda @focuz_support orqali qaytarib olishingiz mumkin. Qurilmangiz jo‘natilgunga qadar shunday qilsangiz, buyurtmani bajara olmaymiz, shuning uchun uni bekor qilib, zakladni to‘liq qaytaramiz.

5. Ma’lumotlarni kimlarga beramiz

Quyidagi qabul qiluvchilarning har biri faqat o‘z vazifasi uchun zarur ma’lumotlarni oladi:

  • Click — karta to‘lovini o‘z shartlari asosida amalga oshiradi va uning holatini bizga bildiradi;
  • SMS xizmati provayderi (Eskiz) — SMS yuborish uchun telefon raqamingiz va xabar matnini oladi;
  • Linza tayyorlovchi — retsept linzasini tayyorlash uchun zarur ko‘z ma’lumotlarini oladi;
  • Yetkazib berish xizmati — buyurtmani yetkazish uchun zarur ma’lumotlarni (masalan, telefon raqami va manzil) oladi;
  • Yozishmalarni yuritish xizmatlari (Telegram, mijozlar bilan ishlash tizimi va yordamchi xizmatlar) — yordam yozishmalarini qayta ishlaydi.
  • Google (Gemini) — ilovaning AI funksiyalari orqali o‘zingizning kalitingiz bilan yuborgan audio, matn va suratlarni oladi va o‘z shartlariga ko‘ra qayta ishlaydi;
  • Ko‘zoynak yangilanish xizmati — ilovada yangilanishni tekshirganingizda ko‘zoynakning Bluetooth manzili va firmware versiyalarini oladi.

Bu xizmatlarning ayrimlari, masalan, Telegram, Google va ko‘zoynak yangilanish xizmati, ma’lumotlarni O‘zbekistondan tashqaridagi serverlarda qayta ishlashi mumkin. Qonun talab qilganda (masalan, davlat organining qonuniy so‘roviga binoan) ma’lumotlarni taqdim etishimiz mumkin. Shaxsga doir ma’lumotlaringizni hech qachon sotmaymiz va reklama maqsadida hech kimga bermaymiz.

6. Ma’lumotlarni qancha saqlaymiz

Ma’lumotlarni faqat buyurtma, kafolat hamda qonuniy va buxgalteriya majburiyatlarimiz uchun zarur muddat saqlaymiz, so‘ng o‘chiramiz yoki shaxsni aniqlab bo‘lmaydigan holga keltiramiz:

  • buyurtma ma’lumotlari (ism, telefon raqami, model va rang, to‘lov holati, buyurtma kodi) — buyurtmani bajarish, kafolat va qonuniy majburiyatlarimiz uchun zarur davr mobaynida;
  • ko‘z ma’lumotlari — buyurtmangizni bajarish uchun zarur davr mobaynida; xohlasangiz, ularni o‘chirishni so‘rashingiz mumkin;
  • zakladni qaytarish uchun karta raqami — so‘rov yopilgunga qadar (keyin faqat yashirilgan ko‘rinishi qoladi);
  • Telegram va CRM tizimidagi yozishmalar — yordam ko‘rsatish uchun zarur davr mobaynida;
  • ilovadagi ma’lumotlar (yozuvlar, matnlar, suhbatlar, qaydlar, eslatmalar, so‘zlar, texnik jurnal) — telefoningizda o‘zingiz o‘chirguningizcha yoki ilovani o‘chirguningizcha; Foto kutubxonaga saqlangan foto va videolar — o‘zingiz o‘chirguningizcha; Gemini kalitingiz — Settings bo‘limida tozalaguningizcha;
  • buxgalteriya va to‘lov hujjatlari — qonunda belgilangan muddat davomida.

Sayt sozlamalari (localStorage) brauzeringizda siz ularni o‘chirmaguningizcha qoladi.

7. Ma’lumotlarni qanday himoya qilamiz

To‘lov paytida karta ma’lumotlaringiz bizga o‘tmaydi — to‘lovni Click qabul qiladi; zakladni qaytarishda kiritgan karta raqamingiz faqat so‘rov ko‘rib chiqilayotganda saqlanadi. Ma’lumotlaringizni ruxsatsiz kirish, yo‘qolish yoki noto‘g‘ri foydalanishdan himoya qilish uchun oqilona texnik va tashkiliy choralarni ko‘ramiz: sayt va to‘lov sahifalari himoyalangan (HTTPS) ulanish orqali ishlaydi; Kabinetga SMS orqali bir martalik kod bilan kirasiz; buyurtma va ko‘z ma’lumotlariga faqat vakolatli xodimlarimiz parol bilan himoyalangan boshqaruv paneli orqali kira oladi.

Focuz App ilovasida Gemini kalitingiz iPhone Keychain’ida saqlanadi, Google’ga so‘rovlar esa shifrlangan (HTTPS) ulanish orqali yuboriladi.

Iltimos, karta raqami yoki SMS kodlarini hech qanday chatga, jumladan bizga ham yubormang. Telegram’dagi rasmiy yordam akkauntimiz — @focuz_support.

8. Sizning huquqlaringiz

Qonunga muvofiq siz quyidagi huquqlarga egasiz:

  • ma’lumotlaringiz qayta ishlanayotgani va qanday qayta ishlanishini bilish;
  • ma’lumotlaringiz bilan tanishish;
  • noto‘g‘ri yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni tuzatishni so‘rash;
  • ma’lumotlaringizni o‘chirishni so‘rash.

Bu huquqlardan foydalanish uchun @focuz_support akkauntiga yozing. So‘rov sizdan ekanini tasdiqlashingizni so‘rashimiz mumkin (masalan, buyurtma kodi orqali). Javobni qonunda belgilangan muddatda beramiz.

Qonun saqlashni talab qiladigan ma’lumotlarni (masalan, buxgalteriya hujjatlarini) saqlab qolishimiz mumkin. Qurilmangiz jo‘natilgunga qadar ma’lumotlaringizni o‘chirishni so‘rasangiz, buyurtmani bekor qilamiz va zakladni qaytaramiz.

Huquqlaringiz buzilgan deb hisoblasangiz, qonunda belgilangan tartibda vakolatli davlat organiga yoki sudga murojaat qilishingiz mumkin.

Focuz App ilovasidagi ma’lumotlar telefoningizda saqlanadi va ularni o‘sha yerda o‘chirishingiz mumkin (6-bo‘lim); bu ma’lumotlar bizda saqlanmaydi, shuning uchun ularni ko‘ra ham, siz uchun o‘chira ham olmaymiz. AI funksiyalaridan foydalangandan keyin Google’da qolgan ma’lumotlar bo‘yicha Google’ga murojaat qiling.

9. Bolalar

Buyurtmani voyaga yetganlar berishi kerak. Voyaga yetmagan bo‘lsangiz, ota-onangiz yoki vasiyingizdan buyurtma berishni so‘rang. Bola bizga shaxsga doir ma’lumot yuborgan deb hisoblasangiz, @focuz_support akkauntiga yozing — bu ma’lumotlarni o‘chiramiz.

10. Siyosatdagi o‘zgarishlar

Xizmatlarimiz yoki ish tartibimiz o‘zgarganda ushbu siyosatni yangilaymiz. Amaldagi tahrir va uning sanasi doim shu sahifada bo‘ladi. Muhim o‘zgarishlar haqida faol buyurtmasi bor mijozlarga ham xabar beramiz.